Dunyoda nom ko’p. Ularning ko’plari yo
quloqqa chalinmaydi, yoxud kishining xotirasida iz qoldirmay,
shamolday o’tib ketadi. Dunyoda hech kimning nomi o’z-o’zidan
chiqmaydi. Nom chiqarmoq igna bilan quduq qazishdan yengil emas.
Ter to’kib qozonilgan nomning ildizi chuqur bo’ladi, shoxi
osmonga yetadi. O’zbek adabiyotini bog’ga o’xshatsak, uning azim
chinorlaridan biri Abdulla Qahhor edi.
Abdulla Qahhor
haqiqatparvar, millatparvar edi. Barcha mutaxassislar e’tirof
etganlaridek, chinakam so’z zargari edi. Adib so’zni isrof
qilmaslik uchun bir asarni necha qayta ishlaganini eshitganmiz.
Adib asarlarining tili buni isbotlaydi. Shuning barobarida,
Abdulla Qahhor asarlarida ishlatgan ko’p so’zlar aforizmga
aylanib ketganini ta’kidlash kerak.
O’zini hurmat qilgan
millat adabiyot ravnaqiga e’tibor beradi, uning rivoji uchun
kuyunadi. Millatning millat ekanini belgilovchi birlamchi
omil-uning tili va adabiyotidir. Abdulla Qahhor adabiyot taqdiri
uchun qayg’urgan haqparast adib edi…
Veb sahifamizda Abdulla
Qahhorning hayoti va ijodini qisqacha yoritishga harakat qildik.
Samimiyat ila Nigora